"TARAQQIYOT STRATEGIYASI" MARKAZI YANGI JURNAL TA'SIS ETILGANINI E’LON QILADI
06.06.2018 | Ko`rilgan: 265

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida keng jamoatchilik, xususan xalqaro hamjamiyatni doimiy xabardor qilib borish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “O‘zbekiston strategiyasi” ijtimoiy-tahliliy jurnali ta’sis etildi.

Jurnal keng o‘quvchilar auditoriyasi, jumladan xususiy tadbirkorlar, siyosiy, ekspert-tahlil va amaliy doira vakillari hamda yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda O‘zbekistonda yuz berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar doimiy sarhisob qilib boriladi.

Shuningdek, turli mavzulardagi tahliliy maqolalar, infografikalar, mustaqil ekspertlarning fikr va mulohazalari, jamoat tashkilotlari vakillari, vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan intervyular nashrning asosiy mazmunini tashkil etadi.

Jurnalning yana bir o‘ziga xos jihati - uning sahifalarida O‘zbekistonning muvaffaqiyatli rivojlanishiga qaratilgan yangi takliflar bildirish, yetakchi xalqaro tajribalar haqida ma’lumot berish uchun maxsus maydon tashkil etildi.

“O‘zbekiston strategiyasi” jurnali o‘zbek, rus va ingliz tillarida alohida ko‘rinishda har chorakda chop etilib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlarning yurtimizdagi vakolatxonalari, shuningdek O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida keng tarqatiladi. Shuningdek, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning mahalliy va xalqaro reyslarida, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar gavjum go‘shalarda joylashtirish rejalashtirilgan.

Jurnalning ilk soni chop etilib, undan Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning birinchi bosqichi — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijalariga bag‘ishlangan materiallar o‘rin oldi. 

Qayd etish kerakki, “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining ilk taqdimoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15-17-may kunlari AQShga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv hamda brifinglar davomida o‘tkazildi. Bundan tashqari, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston kabi davlatlarda ham nashr keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.

“O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining keyingi sonlari bilan tanishishni istaganlar hududlardagi matbuot nashrlariga obuna qabul qilish shoxobchalarida 1311, 1312, 1313 indekslari (o‘zbek, rus, ingliz tillarida mos ravishda) orqali obuna bo‘lishlari mumkin.

***
Jurnal tahririyati yurtimizda yuz berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarga xayrihoh bo‘lgan barchani muloqotga chorlaydi. 
Fikr va mulohazalaringizni “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining elektron manzili (magazine@strategy.uz)ga yuborishingiz mumkin.