“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZINING IJTIMOIY YO‘NALISHDAGI LOYIHALARI “LEVEL UP PRIZE” MUKOFOTIGA SAZOVOR BO‘LDI
14.06.2018 | Ko`rilgan: 386

Shu yilning 13-14-iyun kunlari Olma-ota shahrida fuqarolik jamiyati rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan “Rivojlanish tarixi: ichkaridan nazar” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakili ham ishtirok etib, tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekistondan qabul qilingan Harakatlar strategiyasining borishi, fuqarolik jamiyatlarining bugungi kundagi o‘rni kabi masalalar yuzasidan nutq so‘zladi.

Anjuman “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston) tomonidan tashkil etilib, unda 200 dan ortiq ishtirokchilar taklif etildi. Asosiy spiker sifatida Noel Dikover (AQSh), Xoan Karlos Lozano (Kolumbiya), Aleksey Kuzmin (Rossiya), Aziza Umarova (O‘zbekiston) kabi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Ikki kunlik anjuman yakuniga ko‘ra tashkilotchilar tomonidan e’lon qilingan “Level Up Prize” mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining jamoatchilik fikrini o‘rganish, normativ-huquqiy hujjat loyihalari muhokamalarini tashkil etish yo'nalishida amalga oshirgan loyihalari g‘olib deb topildi.

Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda 2016 va 2017-yillar davomida ijtimoiy masalalarni xal etishga yo‘naltirilgan loyihalar baholandi. Unda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 80 dan ortiq arizalar qabul qilinib, g‘oliblarni aniqlash ochiq ovoz berish yo‘li orqali 33 500 kishi ishtirokida amalga oshirildi. 

Qayd etish joiz, tanlov o‘tgan yillar davomida ham o‘tkazilib, unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan qator tashkilotlar g‘olib deb topilgan.